Buxoro shahar Sherbudin ko'chasi 41-uy
CHIQINDILARNI BOSHQARISH VA SIRKULYAR IQTISODIYOTNI RIVOJLANTIRISH AGENTLIGI
"BUXORO VILOYATI TOZA HUDUD" DAVLAT MUASSASASI
Buxoro shahar Sherbudin ko'chasi 41-uy
20-sentabr “World cleanup day” — “Butun Jahon tozalik kuni” 2018-yildan beri sayyoramizni ommaviy tarzda chiqindilardan tozalash maqsadida o‘tkazilib kelinadi. Unda 211 ta davlatdan shu paytga qadar 114 mln kishi ishtirok etgan. Har yili dunyo bo‘ylab keng nishonlaniladigan ushbu eko sanada O‘zbekistonda ham butun respublika bo‘yicha soha xodimlari, ekofaollar, yoshlar, jamoatchilik vakillari ishtirokida plogging aksiyalari o‘tkazilib kelinmoqda. Bu eko-tabdirlar orqali aholi gavjum hududlarni chiqindilardan tozalash ana’naga aylangan.
Jumladan, bugun, 20-sentabr kuni Respublikamizning barcha hududlarida “World cleanup day” — “Butunjahon tozalik kuni” munosabati bilan “Hayot uchun joy ajrating” shiori ostida ommaviy plogging eko-aksiyasi tashkil etildi. Aksiya Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda uning huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan “Coca-cola” va “Yandex Uzbekistan” kompaniyalari hamda “O‘zsanoatqurilishbank” hamkorligida o‘tkazildi.
Toshkent dengizi sohili bo‘yida o‘tkazilgan eko-tadbirda vazirlik va agentlik mutasaddilari, sektorlar mas’ullari, Toshkent viloyati va shahri boshqarmalari hamda tizim tashkilotlar vakillari, yoshlar, eko-faollar, ommaviy axborot vositalari vakillari faol ishtirok etishdi.
Chiqindilarni boshqarish agentligi direktori Sharifbek Hasanov aksiyani ochib berar ekan “Chiqindilar sektori iqlim oʻzgarishi, biologik xilma-xillik nobud boʻlishi hamda atrof muhitning ifloslanishiga sabab boʻlmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimiz boʻyicha bir kunda 19-20 ming tonna chiqindi hosil boʻlmoqda. Chiqindilar turli xil metallar, shisha idishlar, qog‘oz, plastik va oziq-ovqat mahsulotlarining qoldiqlaridan iborat. Birgina 2024-yilda respublikada yig‘ilgan jami 14 mln tonna chiqindilarning faqat 5,2 foizi qayta ishlangan”, deya ta’kidladi.
Tantanali marosimda “Asosiy maqsadimiz keng jamoatchilikning chiqindilarga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish va bu orqali chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish. Aslida, faqat “Butunjahon tozalik kuni”da emas, har kuni atrof-muhitni toza saqlashimiz lozim”ligini aytib o‘tdi vazirlik mas’ullari.
Shuningdek, Sharifbek Hasanov BMTning “World cleanup day” global tarmog‘iga ulanib, jonli efir orqali O‘zbekiston xalqaro eko-aksiyada doimiy ishtirok etib kelayotganini va bu yil ham aksiya keng ko‘lamda tashkil qilingani haqida ma’lumot berdi.
Aksiya davomida ishtirokchilar mutasaddi rahbarlar boshchiligida belgilangan hududni chiqindilardan tozalashdi. Jamoaviy tarzda 15 guruhga bo‘lingan holda o‘zaro tozalik uchun bellashib, eng faollar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra:
- 223 kg chiqindi to‘plagan O‘rmon xo‘jaligi agentligi jamoasi 1-o‘rinni;
- 175 kg chiqindi bilan “Yosh ekologlar jamoasi” 2-o‘rinni;
- 155 kg chiqindi bilan viloyat “Toza hudud” korxonasi jamoasi 3-o‘rinni egalladi.
Plogging davomida Toshkent dengizi sohili bo‘yidan jami 962 kg chiqindi yig‘ildi. Aksiya davomida to‘plangan 200 kg plastik idishlar qayta ishlash uchun yuborildi.
Bundan tashqari, yosh eko-faol rassomlar tomonidan atrof-muhitni ozoda saqlashga doir suratlar chizildi. Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar, faol ishitirokchi hamda hamkor tashkilotlar munosib taqdirlandi.
Ma’lumot o‘rnida: 20-sentabrdagi “Butunjahon tozalik kuni” tadbirlarida respublika bo‘yicha 72 jamoada jami 1,7 ming nafardan ortiq ishtirokchi qatnashib, ular tomonidan jami 55,7 tonna chiqindi hududlardan olib chiqildi. To‘plangan chiqindilar 51 ta maxsus chiqindi tashuvchi texnikalar orqali belgilangan tartibda bartaraf etildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston o‘tgan yili “World cleanup day-2024” xalqaro eko-aksiyasi doirasida hududlar jami 36,5 tonna chiqindidan tozalangan edi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi tadbirlar har birimizda tabiatga daxldorlik hissini uyg‘otib, ekologik barqarorlikni taʼminlash hamda isteʼmol va ishlab chiqarishning oqilona modellariga o‘tish orqali chiqindini aylanma iqtisodiyotning muhim bo‘lagiga aylantirishga xizmat qiladi.
Manba: gov.uz