Buxoro shahar Sherbudin ko'chasi 41-uy
CHIQINDILARNI BOSHQARISH VA SIRKULYAR IQTISODIYOTNI RIVOJLANTIRISH AGENTLIGI
"BUXORO VILOYATI TOZA HUDUD" DAVLAT MUASSASASI
Buxoro shahar Sherbudin ko'chasi 41-uy
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Osiyo taraqqiyot bankining (OTB) Janubiy, Markaziy va G‘arbiy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti janob Inmin Yang bilan uchrashdi. Uchrashuvda vazirlik hamda tizim tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi.

Uchrashuvda vazir Aziz Abduhakimov uzoq yillik hamkorlik va doimiy qo‘llab-quvvatlash, xususan, chiqindilarni boshqarish, institutsional islohotlar va O‘zbekistonda "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘nalishlaridagi ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.
Shuningdek, janob Yangning yaqinda Namanganga tashrifi yakunlari, jumladan, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” xalqaro forumidagi ishtiroki, Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi va bunda muhim masalalar muhokama qilingani alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, 2025-yilning O‘zbekistonda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilinishi mamlakatimizning ekologik ustuvor yo‘nalishlar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, o‘rmonzorlar barpo etish va yashil innovatsiyalar bo‘yicha strategik yo‘nalishini aks ettirganiga alohida e’tibor qaratildi.

Qolaversa, uchrashuvda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanov tomonidan sohada OTB bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, 60 mln. dollarlik qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish tashabbusi haqida so‘z yuritildi. Dastur doirasida chiqindi tashish mashinalari, ekskavatorlar va boshqa ixtisoslashtirilgan texnikalar xarid qilingani ta'kidlandi.
Chiqindilarni barqaror boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Yo‘nalishlarda uch yil ichida plastik chiqindilarni 60 foizga qisqartirish dasturi muhim ahamiyat kasb etadi. Unga ko‘ra, plastik chiqindilarni yig‘uvchi fondamatlar o‘rnatilib, qayta ishlashni rag‘batlantirish orqali bir martalik plastik mahsulotlardan bosqichma-bosqich voz kechish nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, Osiyo taraqqiyot banki instituti bilan uglerod savdosi va chiqindilarni barqaror boshqarishning zamonaviy amaliyotlarini qamrab oluvchi qo‘shma o‘quv kurslarini tashkil etish natijasida kasbiy malakalarni oshirish va qayta ishlashning zamonaviy texnologiyalarini joriy etishga alohida e'tibor qaratilayotgani aytib o‘tildi.

Janob Yang yangi tashabbuslarni, jumladan, iqlimga chidamli shaharsozlik loyihalari va innovatsion moliyalashtirish yechimlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Ikkala tomon ham ekologiya va barqaror rivojlanish sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish tarafdori ekanliklarini tasdiqlab, ularning hamkorligi yashil kelajakka oid milliy va global maqsadlarga sezilarli hissa qo‘shishini ta’kidladilar.